1-iyun Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bolalar sherlar to’plami.
Aziz bolajonlarimiz bizning kelajagimiz ertangi kunimiz shuning uchun bolajonlarga e’tiborli mehrli bo’laylik.
Mundarija:
Bolalar uchun sara sherlar
MEN TUSHIMDA KEMANI KO’RDIM
Men tushimda kemani ko’rdim,
Oq yelkanli mitti kemani.
Qanday go’zal kema edi u!
Ko’zlarimdan qalqidi yoshim.
Shamol yeldi, gurladi to’lqin,
Ko’rdim — cho’kar u mitti kema,
Cho’kar edi dengiz tubiga —
Ushlab qola olmadi tushim,
O, men endi ne qilay?
Xurshid Davron tarjimalari
G’afur G’ULOM
O’YLASHNI O’RGANAMIZ
Muxtorjon olti yoshlik
Singlisidan so’radi:
— Munisxon,
Rostingni ayt,
O’ylashni bilasanmi?
Munisxon akasiga
Ajablanib qaradi:
— Aka-a, o’zing ayta qol,
O’ylash degak nimadi?
Muxtorjol jiddiy turib,-
Qoshini birga yig’ib,
Singlisiga ko’rsatdi:
— Mana, men o’ylayapman…
— Nimani o’ylayapsan?…
— Juda ko’p o’ylayapman:
Morojniydan tog’ bo’lsa,
Nuqul gilos bog’ bo’lsa,
Bir qozon qaymoq bo’lsa,
Tuyaday pishloq bo’lsa..
Og’zining suvi kelib,
— Viy-y,— devordi
Munisxon,
— To’xtab turgin, akajon,
Menam o’ylab boqaman.
— Tez o’yla,— dedi Muxtor.
— Tura tur, o’ylab olay:
Hi-y… bitta qo’g’irchoq bo’lsa.
Kaliti buzilmasa.
Ko’zini yumganida
Meni ham ko’rib tursa…
— Shu ham o’ylash bo’ldimi?
O’ylashni o’rganib ol!
Sen oyi bo’lasanmi?
Ko’zin pir-pir uchirib:
— Sen-chi?— Dedi
Munisxon.
Muxtorning jahli chiqdi:
— Men qiz bola emasman,
Qizlar oyi bo’ladi.
Men katta bo’lganimda,
Besh yuzga kirganimda,
Katta dada bo’laman.
— Qizing ham bo’ladimi,
Oti nima bo’ladi?
— Yuzta qizim bo’ladi,
Oti Puiis bo’ladi.
— Voy—y,— devordi
Munisxon,—
Men-chi, oyi bo’laman…
Mingta o’g’lim bo’ladi.
Oti Puxtor bo’ladi.
Hi-i,— tilin likillatib
Gijgijlatti akasin.
Shunday qilnb, do’stlarim,
So’lim, shinam bog’dagi
Suv krani tagida
O’ynab yurgan ikki yosh
O’ylashga boshladilar.
HOZIR YOSHIM OLTIDA
Hozir yoshim oltida,
Katta-kichik oldida
Yurishlarim bo‘lakcha,
Turishlarim bo‘lakcha.
Chunki aqlim kirgan-da,
Uyga mehmon kelganda,
Ko‘zni qilib shamg‘ilat
Olmasman hech shokolad.
Tanish-bilish odamlar,
Akam, ayam, dadamlar
Deyishar:
Erkatoyim,
Ana shunday bo‘l doim
Katta-kichik oldida,
Axir, yoshing oltida.
ONAJONIM QO‘LLARI
Tandir to‘la nonlarning
Pishmoq sirin o‘ylayman.
Non yopilgan tandirga
Shoshilmasdan bo‘ylayman.
Biram issiq — gumbaz cho‘g‘
Kuydirgudek yuzimni.
Darrov ortga qaytaman,
To‘sgancha qosh-ko‘zimni.
Onajonim qo‘llari
Nonni uzar saralab,
So‘ngra yupqa suv separ
Savat uzra sevalab…
Tavsiya etamiz: Onajonlarimiz haqida ta’sirli sherlar to‘plami
Maktab
Yetti yoshga toʻldim men,
Maktab sari keldim men.
Salom maktab, jon maktab,
Quchog‘ingga ol, maktab.
Ozim yaxshi bolaman,
Eng a’lochi boʻlaman,
Ona Vatan dilbandi,
Istiqlol farzandiman.
Erkalik va sho‘xlikni
Tashlab keldim bog‘chaga.
Barcha o‘yinchog‘imni
Terib qoʻydim tokchaga.
Odob va tarbiyani
Oldim ota onamdan
Endi bilim koniga
Yuray shu ostonadan
Faqat «besh» baho bilan
Daftarimni toldiray,
Hur, goʻzal diyorimga
Munosib farzand boʻlay.

A L L A
Tun dorong’u, tun g’arib
Tun ichra koldi dengiz.
Men beshiging tebratib,
O’zni sezmayman yolg’iz.
Osmon olamda g’arib,
Oyni ham quchdi dengiz.
Seni qo’lda ko’tarib.
O’zni sezmayman yolg’iz.
Inson yer uzra g’arib,
Topilmas biron g’amsiz.
Sen bilan to’liq bag’rim,—
Emasman yakka-yolg’iz…
EZGULIK
Senga atab men aytsam qo’shik,
Butun zamin unutar g’amni.
Kulging misol muloyim, iliq
Tog’u toshlar, qirlar tikani.
Senga atab aytaman qo’shiq,
Dildan quvib og’ir o’ylarni.
Nafasingdan mehrga to’liq
Hatto ilon, qoplon uylari.
Zulfiya tarjimalari
Bola va Ertak
Qor, izgʼirin tashqari,
Guvillab yonar pechka.
Quyosh botib gʼarb sari,
Vaqt borib qolgan kechga.
Choʼpchak aytar bolaga,
Kampir pechka oldida.
Bir payt bola koʼziga,
Uyqu kelib qoldi-da,
Buvisi koʼtardi-da,
Koʼrpasiga oʼradi.
Аlbatta u tushida,
Ertaklarni koʼradi.
Ertak yolgʼon boʼlsa xam,
Berilib eshitarlar,
Bolalar ulgʼaysa xam,
Uni qoʼmsab yasharlar!
KOPTOK VA OYNA
Bolakay koptok tepib,
Oʼyinga xoʼp berildi.
Bir payt koptogi uchib,
Derazaga urildi.
Sinibdi chil-chil boʼlib,
Derazaning bir koʼzi.
Bolajon qattiq qoʼrqib,
Oqarib ketdi yuzi.
Bunday ish uchun chindan,
Jazo berishar «boplab».
Bolakay choʼchib shundan,
Qoldi juftakni rostlab.
Xar narsaga aslida,
Berib boʼlmas doim chap.
Shuning uchun baʼzida,
Bir kesing, yetti oʼlchab!
YANGI O’ZBEKISTON
Shu go’zal yurtda tug’ilib, o’sdim,
Kindik qonim to’kilgan shu yer vatanim.
Boshimda soyabon Yurtboshimiz turar,
Ul zotning so’zlari yodimda turar.
Yurtim tabiati misli bir jannat,
Xalqimga berilgan ulug’ bu ne’mat.
Mustaqil yurtimning Surxon qiziman,
Vatanim 30 yoshing bilan, seni qutlayman
Yurtimda boshlandi-yangi bir tuzum,
Yangi O’zbekiston-yangi jamiyat.
Yosh avlod o’qib,tinmangiz bir zum,
Yurtboshim yuritgan-yangi siyosat.
Tarixingda bordir buyuk bir karvon,
Shu yurtda yashaylik erkin, farovon.
Bu yilning aytilgan shiori ham-shu,
Muhtaram Prezidentimning-siyosati-bu.
O’tmishingda o’tdi ko’p ulug’ zotlar,
Seni Temur bobom ruhlari qo’llar.
Senda bordir buyuk ustoz-Navoiy,
Vatanim,yashaysan hamisha boqiy.
ADXAMNING IKKISI
Maktabdan kelar Аdxam,
Yerga egib boshini.
Ranjib, boshin qilib xam,
Chimirgandi qoshini.
Sababi bugun darsdan,
«Ikki» baxo olgandi.
Sinfdoshlar ichida,
Xijolatda qolgandi.
Maqsad boʼlsa «Besh» baxo,
Berilmasin oʼyinga.
Bugungi ishni aslo,
Qoʼymasin xech keyinga.
Shunday qilsa albatta,
«Besh» baxoga erishar.
Аks xolda koʼp marta,
Xijolatdan «kerishar»!
O’ZBEKISTON BAYROG’I
Havorang, oq va yashil,
Bordir qizil belbog’i.
Shuning uchun chiroyli
O’zbekiston bayrog’i.
O’n ikki baxt yulduzi
O’ziga xo’p yarashar.
Unga dunyo xalqlari
Havas bilan qarashar.
Mustaqil yurt, deb atar
Yer yuzining har yog’i.
Bizga juda mo’tabar
O’zbekiston bayrog’i.
BOBOMGA TABRIK
Tabriklashga keldim men
Bugun sizni bobojon.
Baxtimizga doimo
Omon bo’ling har qachon.
Dunyodagi eng yaxshi
Qadrdonimsiz mening
Mehribonim, deydigan
Mehribonim siz mening.
Bobojonim, men sizni
Sog’inaman judayam.
Ko’rib kelaylik, desam
Olib kelmaydi ayam.
Tez-tez kelib turaman
Katta bo’lay men hali.
Hozircha siz o’zingiz
Borib turing ko’rgali.
YULDUZLAR
Oftob o‘chib, ketdi kunduz.
Ko‘kka ko‘chib, chiqdi yulduz.
Nurin tarab keng osmonga.
Yulduz qarab men tomonga
Qiqir-qiqir etib kular,
Men-la suhbat qurmoq bo‘lar.
Kel, yulduzjon, gaplashamiz,
Bo‘lib shodon kuylashamiz:
Osmon bo‘lsin to‘la yulduz,
Uni ko‘rib quvonsin ko‘z.
O‘xshaymiz, bil, biz o‘zimiz —
Ona-zamin yulduzimiz.
Onalar-chi bizni shundan,
Yulduzim, deb, sevar dildan.
Barcha yulduz bo‘lsin omon,
Kulsin zamin, kulsin osmon!
MULOYIM KO‘CHASI
Sehrgar tushib pastga,
Nimadir dedi asta.
O‘shandan buyon doim
Mening nomim muloyim.
Bizda tuzilgan lug‘at
Eng yaxshi so‘zdan faqat.
Salom, hormang, marhamat,
Salomat bo‘ling, rahmat.
Uzr, qulluq, tasanno,
Kechirasiz, marhabo.
Bizda yomon so‘zlashmas,
Hatto yomon o‘ylashmas.
Tavsiya etamiz: Bolaning nutqini qanday o‘stirish kerak? 3 oddiy qadam