O’zbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripov sara sherlar to’plami qabul qiling.
Mundarija:
Birinchi muhabbatim
Dunyo degan shundayin anglab bo’lmas sir ekan,
Goh keng ekan, gohida tuynuksiz qasr ekan,
Lekin inson hamisha bir hisga asir ekan,
Nechun bilmovdim avval, birinchi muhabbatim,
Parvo qilmovdim avval, birinchi muhabbatim
Holbuki orzulardan judo ham bo’lganim yo’q,
Yuduzday kuyganim yo’q, oy kabi inganim yo’q.Erta xazon gul kabi sarg’ayib, so’lganim yo’q,
Seni eslab yig’layman, birinchi muhabbatim,
Eslab bag’rim tig’layman, birinchi muhabbatim.
Yo’lin yo’qotsa odam muhabbatga suyangay,
G’ussaga botsa odam muhabbatga suyangay,
Chorasiz qotsa odam muhabbatga suyangay,
Men kimga suyangayman, birinchi muhabbatim,
Faqat eslab yongayman, birinchi muhabbatim,
Nido bergil, qaydasan, sharpangga quloq tutdim,
Sirli tushlar ko’rib men bor dunyoni unutdim,
tongda turib nomingga ushbu sherimni bitdim,
Dildagi oxim mening, birinchi muhabbatim,
Yolg’iz ollohim mening, birinchi muhabbatim.
Tavsiya etamiz: Muhammad Yusuf sara she’rlar to’plami.
Inson g’ururi
Yigitning uyida tinchi yo’q zarra,
Sen esa o’qiysan unga yo’l-yo’riq.
Faylasuf, miyangni ishlat bir karra,
Uni tergamoqqa aslo haqqing yo’q.
Temir qoidangga rioya aylab,
Senga ham berayin mayli bir savol:
– Nega uyg’onmading tonggacha uxlab,
Nega ovqat yeysan o’zing bemalol?
Kim inson qalbiga kirsa beruxsat,
Hattoki, hayvondan vahshiyroq erur.
Shu holda tug’ilish zulmdir, albat,
Tug’ilmaslik undan yaxshiroq erur.
Tilla baliqcha
Tuxumdan chiqdi-yu, keltirib uni
Shu loyqa hovuzga tomon otdilar.
Tashlandiq ushoq yeb o’tadi kuni,
Xoru xas, xazonlar ustin yoptilar.
Dunyoda ko’rgani shu tor hovuzcha
Va mudroq tollarning achchiq xazoni.
Menga alam qilar, tilla baliqcha
Bir ko’lmak hovuz deb bilar dunyoni…
Xatolaring kerak ularga
Shundaylar bor,senga lutf aylab,
Do’stman, deya senga qo’lin tutarlar.
Lekin har zum qadaming poylab,
Xato qilishingni ular kutarlar.
Xato qilsang, ularga bayram,
Yo’qsa, zahru zaqqum yutarlar.
Mayli, jindek, zarra bo’lsa ham,Xato qilishingni ular kutarlar.
Xatolaring kerak ularga,
Shox navdangni darhol butarlar
Tag’in kunni ulab tunlarga,
Xato qilishingni ular kutarlar.
Axtarurlar hamisha illat,
Yetti pushting go’rin titarlar.
Faqat unma, ulg’ayma faqat,
Xato qilishingni ular kutarlar.
Ular senga bir umr yo’ldosh,
Sodiq hamroh kabi o’tarlar.
Qabring uzra egsalar ham bosh,
Xato qilishingni ular kutarlar.
O‘zbekiston
Yurtim, senga she’r bitdim bu kun,
Qiyosingni topmadim aslo.
Shoirlar bor, o‘z yurtin butun —
Olam aro atagan tanho.
Ular she’ri uchdi ko‘p yiroq,
Qanotida kumush diyori,
Bir o‘lka bor dunyoda, biroq
Bitilmagan dostondir bori:
Faqat ojiz qalamim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Yurmasman hech behishtni izlab,
Topolmasam chekmasman alam.
O‘tirmasman ertaklar so‘zlab,
Musallo deb yo‘nmasman qalam.
Ko‘klamingdan olib sururni,
Dovrug’ soldi ustoz Olimjon,
G‘afur G‘ulom tuygan g‘ururni
Qilmoq mumkin dunyoga doston.
Olis tarix qadamim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Kechmishing bor chindan ham uzoq,
Ilg‘ay olmas barchasin ko‘zim.
Maqtamasman moziyni, biroq
O‘tmishingni o‘ylayman bir zum.
Zabtga olib keng Osiyoni,
Bir zot chiqdi mag‘rur, davongir,
Ikki asr yarim dunyoni
Zir qaqshatdi Buyuk jahongir.
Aytgum, bu kun, u manim, manim.
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Bobolardan so‘z ketsa zinhor,
Bir kalom bor gap avvalida.
Osmon ilmi tug‘ilgan ilk bor
Ko‘ragoniy jadvallarida.
Qotil qo‘li qilich soldi mast,
Quyosh bo‘lib uchdi tilla bosh.
Do‘stlar, ko‘kda yulduzlar emas,
U, Ulug‘bek ko‘zidagi yosh.
Yerda qolgan, o, tanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Ko‘z oldimdan kechar asrlar,
Ko‘z—ko‘z etib nuqs—u chiroyin.
Sarson o‘tgan necha nasllar.
Topolmasdan tug‘ilgan joyin.
Amerika — sehrli diyor,
Uxlar edi Kolumb ham hali,
Dengiz ortin yoritdi ilk bor,
Beruniyning aql mash’ali.
Kolumbda bor alamim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Ko‘p jahongir ko‘rgan bu dunyo,
Hammasiga guvoh — yer osti.
Lekin, do‘stlar, she’r ahli aro
Jahongiri kam bo‘lar, rosti.
Besh asrkim, nazmiy saroyni
Titratadi zanjirband bir she’r.
Temur tig‘i yetmagan joyni
Qalam bilan oldi Alisher.
Dunyo bo‘ldi chamanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Bobolardan so‘zladim, ammo
Bir zot borkim, baridan suyuk.
Buyuklarga baxsh etgan daho,
Ona xalqim, o‘zingsan buyuk.
Sen o‘zingsan, eng so‘nggi nonin
O‘zi yemay o‘g’liga tutgan.
Sen o‘zingsan, farzandlar shonin
Asrlardan opichlab o‘tgan.
Ona xalqim, jon—tanim manim:
O‘zbekiston. Vatanim manim.
Bosh ustingdan o‘tdi ko‘p zamon,
O‘tdi Budda, o‘tdi Zardushti.
Har uchragan nokas—u nodon,
Ona xalqim, yoqangdan tutdi.
Seni Chingiz g‘azabga to‘lib
Yo‘qotmoqchi bo‘ldi dunyodan.
Jaloliddin samani bo‘lib
Sakrab o‘tding Amudaryodan.
Sensan o‘shal samanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Toleingda bor ekan yashash,
Goh qon ichding, gohida sharob.
Etmoq bo‘lib yurtim xomtalash,
Bosh ustingga keldi inqilob.
Chora istab jang maydonidan
Samolarga uchdi unlaring,
Shahidlarning qirmiz qonidan
Alvon bo‘ldi qora tunlaring.
Qonga to‘lgan kafanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Lekin oftob poymol o‘lmas,
Kavaklarda qolmas oy nuri,
Odil hakam — Haq bor, beg‘araz,
Mazlumlarning buyuk g‘amxo‘ri.
Qilich serpab tole tongida
O‘zligingni tanib qolding sen.
O‘g’lonlarning qatra qonida
O‘zbekiston nomin olding sen.
Nomi qutlug’ gulshanim manim.
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Tinch turarmi bu ko‘hna olam,
Tinch turarmi dog‘uli zamon?
Oromingni buzdi sening ham
Fashist degan vahshiy olomon.
Qonim oqdi Dansigda manim,
Sobir Rahim yiqilgan chog‘da.
Lekin, yurtim, kezolmas g‘anim.
O‘zbekiston atalgan bog‘da.
Sensan nomus va sha’nim manim.
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Kech kuz edi, men seni ko‘rdim,
Derazamdan boqardi birov.
U sen eding, o, dehqon yurtim,
Turar eding yalangto‘sh, yayov.
— Tashqarida izillar yomg‘ir,
Kir, bobojon, yayragil bir oz.
Deding: — Paxtam, qoldi—ku axir,
Yig‘ishtiray kelmasdan ayoz.
Ketding, umri mahzanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Sen ketarsan balki yiroqqa,
Farg‘onada balki balqarsan.
Balki chiqib oqargan toqqa,
Cho‘pon bo‘lib gulxan yoqarsan.
Balki ustoz Oybekdek to‘lib
Yozajaksan yangi bir doston.
Balki Habib Abdulla bo‘lib,
Sahrolarda ochajaksan kon.
Tuprog‘i zar, ma’danim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Mayli, yurtim, kezsang ham dunyo,
Fazolarga qo‘ysang ham qadam,
O‘zligingni unutma aslo,
Unutma hech, onajon o‘lkam.
Bir o‘g’lingdek men ham bu zamon
Kechmishingni qildim tomosha.
Iqbolingni ko‘roldim ayon
Istiqlolning ufqlari osha.
Iqboli hur, sho‘x—shanim manim.
O‘zbekiston, Vatanim manim.
Zavol ko‘rma hech qachon, o‘lkam,
Zavol bilmas shu yoshing bilan.
Muzaffar bo‘l, g‘olib bo‘l, o‘ktam,
Do‘st—u yoring, qardoshing bilan.
Asrlarning silsilasida
Boqiy turgay koshonang sening.
Ulug’ bashar oilasida
Mangu yorug’ peshonang sening.
Mangu yorug’ maskanim manim,
O‘zbekiston, Vatanim manim.
ONAJON
Onam Turdi Erdona Karvon qizi xotirasiga
I
Necha kunki yo‘q oromim
Kelolmayman hushimga.
Onajonim kechalari
Kirib chiqar tushimga.
Qo‘llarida oq elpig‘ich
Oy nurida yaltirar.
Onajonim imlab meni
Qoshlariga chaqirar.
Keltirarlar goho beshik
Ko‘zlarida hayajon.
Yotar payting bo‘ldi-ku der,
Kela qol, der, bolajon.
Qaylargadir yuguraman,
Fig‘onimdan chiqar dud.
Yig‘lama, deb qo‘llarimga
Tutqazarlar so‘ng tobut.
Tongda ruhsiz ko‘z ochaman,
Qovurilar tanda jon.
Onajonim, bunday qilma,
Bunday qilma, onajon.
Axir o‘zing der eding-ku,
Silab o‘ksuk boshimni:
— Endi senga bersin umr,
Senga bersin yoshimni.
Afsus, o‘zing erta ketding,
Erta ketding olamdan.
Ukalarim bag‘rim ezar,
Ajradik deb onamdan.
Bevaqt xazon bo‘lmay har kim
Yoshab o‘tsin dunyoda.
Onajonim, har kim oshin
Oshab o‘tsin dunyoda.
Garchi fano har kimsaga
Azaliy bir qismatdir.
Lekin, ona, tiriklik ham
Bilsang, yarim hikmatdir.
Tushlarimda, mayli, boshim
Silab turgin, onajon.
Qolganlarga endi umr
Tilab turgin, onajon.
Tavsiya etamiz: Ona haqida ta’sirli sherlar to‘plami
II
U kun chetda oh chekardim
G‘ussalarning dastidan.
Sen otamga pul beribsan
Yostig‘ingning ostidan.
Aytibsanki, onasizlik
Kelmasin hech o‘yiga.
Sarf qilingiz, menga emas,
Abdullaning to‘yiga.
O, o‘g‘lingga sen shafqatni
Bilarding-ku, onajon.
Bundan ko‘ra bag‘rim o‘ysang
Bo‘lardi-ku, onajon.
Zarragina rahm etgali
Sabring menga yo‘qmidi?
Onajonim, bundan o‘zga
Jabring menga yo‘qmidi?
Yo‘qmidi hech o‘zga gaping, —
Nola qilib so‘ylasang.
Nahot, axir so‘nggi dam ham
Farzandingni o‘ylasang.
Axir orzu qochib ketmas,
Bitkazar-ku tiriklar.
Onajonim, bir kunini
O‘tkazar-ku tiriklar.
Unutilar g‘ussalar ham,
Orzular ham cho‘zar bo‘y.
Onajonim, balki bir kun
Aytganingday bo‘lar to‘y.
Balki sening qabring uzra
Ko‘karganda gul, chechak,
Ostonamga qadam qo‘yar,
Sen istagan kelinchak.
Kimdir uning yo‘llariga
Balki gul ham sochadi.
Balki munis opajonim
Kel, deb, quchoq ochadi.
Balki do‘stlar davrasida
Kamim bo‘lmas hech qachon.
Lekin seni o‘sha damda
Qaydan topay, onajon.
III
Esimdadir, titrar edim —
G‘amgin, bolish pastida.
Kitobimni ko‘rdim nogoh
Boshginangning ostida.
Toshday qotdim o‘shal oni
Bor toqatdan ayrilib.
— Shoir o‘g‘lim, — deding menga
Sekingina qayrilib.
Onajonim, so‘ng bor menga
Nafas qilding u zamon.
Shoir bo‘lgin, deya balki
Havas qilding u zamon.
Onajonim, balki men ham
Bir kun shavqqa to‘larman.
Balki men ham aytganingday
Bir kun shoir bo‘larman.
Kuylay desam hurmatingni
Ushbu kunda tilim lol.
Balki faqat shu sababli
Shoir bo‘lsam ehtimol.
Balki sarson-arosatda
Qolib ketmas bu tanim,
Kamolimni ko‘rar balkim,
Yurtim, ona Vatanim.
Payti kelib to‘lar bir kun
Paymona ham beomon.
Kuzatarlar meni ham so‘ng
Senga tomon, sen tomon.
Balki u kun boshim uzra
Do‘stlar bosh ham egadir.
O‘sha damgi iqbolim ham,
Onajonim, sengadir.
Dilda neki jur’atim bor,
Dilda neki hayajon,
Bari, bari senga bo‘lsin,
Senga bo‘lsin, onajon.
Senga bo‘lsin bor hayotim,
Nomim, shonim bir yo‘la.
Xotirangga ushbu she’rni
Yozdi o‘g‘ling Abdulla.
TUG’ILISH
Yurishni o’rgandi bolakay sal-pal,
Orqada kuzatar ota va ona.
Oh, ushbu ko’rinish naqadar go’zal,
Minglab oilaga orzu — yagona.
Surinmay ulg’aysin mayli bolakay,
Umr fasllarin gashtini sursin.
Lekin, payti kelgach kim bo’lar, hay-hay,
Hayot yelkanini u qayga bursin.
Bir cho’qib atrofga o’n bor qarasa,
Har kimning yuziga boqsa jovdirab.
Koshkiydi shu holda korga yarasa,
Suyanchig’i yo’q-ku turguvchi qarab.
Birovdan beruxsat hatto kulmagan,
Bilmas, murodi ne — obro’mi, puldir.
Unda mustaqillik o’zi bo’lmagan,
Unda u mutedir, endi u quldir.
Yo’lin qora mushuk kesib o’tgan dam,
Dod! — deya yigitlik oridan tonsa.
Yomon tush ko’rganda ulug’ yoshda ham,
Ena, enajon! — deb yig’lab uyg’onsa.
Men bunday kaslarni topmadim o’ylab,
She’rni ham yozmadim aslo atayin.
Qofiya ustida yetmish yil o’ynab,
Bir jiddiy gapni ham endi aytayin.
Bu qavmning qimati yo’qdir mutlaqo,
Lekin omad doim ularga o’rtoq.
Pastda munosiblar qolib, ajabo,
To’rga o’tib olar o’shalar ko’proq.
Ko’zimiz qorasi aziz zuryodlar,
Hattoki tantiqdir, g’oyatda suyuk.
Oh, qaydan kelarkan fidoyi zotlar,
Qaydan tug’ilarkan botirlar buyuk.
Magar bo’lganda ham qiyomat qoyim,
Degayman, yetguncha so’nggi nafasim.
Komil insonlarni qo’msarman doim,
Ulug’ siymolarga kelgay havasim.
TUTASH DUNYOLAR
Marhum jo’ralarim,
Eslayman sizni,
Endi aylangansiz tushga, ro’yoga.
Birma-bir ketdingiz tark etib bizni,
Boshqa o’lchovdagi boshqa dunyoga.
Balki o’zga erur unda tizim ham,
Xayolga erk berib, taxmin qilaman.
Qanchalik rangbarang bo’lmasin olam,
Ruhingiz o’shadir, buni bilaman.
Sirli xilqatingiz o’zingizga xos,
Albatta farqlidir odat-tarzingiz.
Hech kimda boylik yo’q, hech kimda libos,
Demakki, hech kimdan yo’qdir qarzingiz.
Sizni ko’rgim kelar, sog’inaman goh,
O’tsa tomoshalar, bayram, ko’riklar.
Chehrangiz namoyon bo’lar banogoh,
Mening yakkalashsa manov tiriklar.
Mayli tursangiz ham cheksiz yiroqda,
Oromda yotgaysiz, mudom ko’ngil to’q.
Urush begonadir, hatto u yoqda
Birlashgan Millatlar Tashkiloti yo’q.
Jami ezgulikni qutlaysiz beshak,
Ajratmay Shimolu Janub yoqlarni.
Majlis ham qilmassiz, bilmassiz demak
Koridorda yurgan maqtanchoqlarni.
Sodiq farishtangiz pospondir, illo
Xonangiz – koinot mudom sarishta.
Yerda ro’zg’or qilsa bir kun mabodo,
Aqldan ozardi o’sha farishta.
Eslayman sizlarni shu dam Shukurjon,
Do’stim Ubaydulloh, azizim O’tkur.
Duolar qilaman, maqtayman chunon,
Iloho, ruhingiz bo’lsin tinch, masrur.
Lekin kuyingayman do’st deb baribir,
Axir tiriklik ham hikmat-ku azal.
Sizni eslaganda eslanar qadr,
Bu – noqis dunyoda ibrat har mahal!
Sira unut bo’lmas suronli hayot,
Kurash va g’alaba, turfa xil hislar.
Sizni tushimizda ko’rgaymiz bot-bot,
Balki sizning tushga kirgay majlislar.
IRIM
Talosh pallasi deb she’r yozdim u vaqt,
Oqshomning bu siri garchand noayon.
Irimga binoan aynan o’sha payt,
Hatto urushlar ham to’xtagan bir on.
She’rda istagimni aytmabman, erkam,
Ishongum, ishorat senga kifoya.
Deyman, qovog’ingni ochib yur sen ham,
Toki irimlarga qilgin rioya.
SHOIR QISMATI
Sizga achinaman, shoir Hamzaxon,
Bu gapni aytmadim aslo jo’rttaga.
Qaysi jin urgandi sizni u zamon,
– Sho’ro! – deb chiqdingiz birdan o’rtaga.
Tuzum makkor edi, tuzum hiylagar,
Aldamchi edi u, qabih, ko’ngli kir.
Toshbo’rondan tirik qolsangiz ham gar,
Otib tashlardilar sizni baribir.
Ular yasadilar sizdan bir yalov,
Oyoq ostingizda chohni ham qazib.
Sizga yetmasmidi qalbdagi olov,
Yurmasmi edingiz she’ringiz yozib.
Vatanning yovi-ku bosqinchi axir,
Sart so’zin eshitsa g’azabga to’lgan.
Iymonsiz kimsalar xudosiz – kofir,
Millatni yerlarga urmoqchi bo’lgan.
Siz-chi, vasf etdingiz ularni behad,
Zamon shoiri deb chiqdi nomingiz.
Sizni o’rab oldi maqtov va hasad,
Aldanish mayiga to’ldi jomingiz.
Qismat tanlab oldi sizni Hamzaxon,
Ergashib ketdingiz yumuq bir ko’zdek.
Bitta farzandini boy berdi Qo’qon,
Bitta shoiridan ayrildi o’zbek.
Himmat
Dunyoning himmati daryoga o’xshar,
Bir oqsa oqadi bilmasdan tinim.
Yig’sam sovg’a bo’lgan gullarni agar,
Kattakon chamanzor bo’lardi, inim.
Dunyoning zulmi ham qolishmas, aslo
Bir umr topmassan halovat, qo’nim.
Otilgan toshlarni yig’sam mabodo,
Ulkan bir tepalik bo’lardi, inim.
Aprel
Borliq kiyib olgan moviy bir libos,
Yel esar – bahorning pildiroqlari.
Qalbingda uyg’otar ajib ehtiros,
Aprel osmonining qaldiroqlari.
Yomg’ir taraladi ko’m-ko’k adirda,
Uzoq qirda esa yaltirar quyosh.
Bunday nafislik yo’q hech bir atirda,
Ruhingni yayratar havo, tog’u tosh.
Qofiya yig’ishar she’rga – nazmga
Jajji jilg’alarning shildiroqlari.
Atrofni chaqirar yashil bazmga
Aprel osmonining qaldiroqlari.
Ota duosi
Oʻgʻlim, soʻramasman sendan mol-dunyo,
Uy ham qurib berma, mayli, alomat.
Mayli, koʻzlarimga boʻlmagil ziyo,
Yonimda yursang bas sogʻ-u salomat.
Mayli, koʻtarmagil meni yelkangda,
Qalqon ham boʻlmagil yogʻsa malomat.
Bir kuni yostiqqa boshim tekkanda,
Tepamda tursang bas sogʻ-u salomat.
Yomg’ir
Yomg’ir yog’sa shoirlar
Erk berarlar miyaga,
Tayyor mavzu topildi,
Tizarlar qofiyaga.
Yomg’ir yog’sa qushlar-chi,
Tahlikaga tushadi
Va lekin sevishganlar
Zontikka yopishadi.
Yomg’ir yog’sa bemahal
Kuyar o’zbek dehqoni:
— Hosilni poymol qildi,
Yetdi qancha ziyoni.
Jenevalik quvonar
Yomg’ir yog’masin qachon:
— Havo yana tozarib,
Yashnaydi yana gazon.
Alloh baraka sochar
Qay fasl, qay palladir,
Kim qanday qabul qilar?
Bu boshqa masaladir.
Tavsiya etamiz: Zulfiya eng sara she’rlari to’plami