Hamid Olimjon sara sherlar to’plami

Tavsiya etamiz

Eng sara mazmunli ta'sirli sherlar to'plami:

Hikoyalar va Rivoyatlar Munajjimlar bashorati kunlik Abdulla Oripov sherlari

TV dasturlar:

Tush tabiri:

Hamid Olimjon sherlar

Iste’dodli shoir, dramaturg,tarjimon, adabiyotshunos va fol`klorshunos olim, davlat va jamoat arbobi Hamid Olimjon 1909 yil 12 dekabrda Jizzax shahrida dunyoga keldi. O’zbek xalqining atoqli farzandi – dilbar shoir, talantli dramaturg, yirik olim va tanqidchi Hamid Olimjon o’zidan o’lmas meros qoldirgan. U o’zbek she’riyatida jo’shqin lirizmga asoslangan she’riyat maktabini yaratgan shoir. 

Hamid Olimjon sara sherlar to’plami sizga ilindik.

O’RIK GULLAGANDA

Derazamning oldida bir tup
O’rik oppoq bo’lib gulladi…

Novdalarni bezab g’unchalar,
Tongda aytdi hayot otini
Va shabboda qurg’ur ilk sahar
Olib ketdi gulning totini.

Har bahorda shu bo’lar takror,
Har bahor ham shunday o’tadi,
Qancha tirishsam ham u beor
Yellar meni aldab ketadi.

Mayli, deyman va qilmayman g’ash,
Xayolimni gulga o’rayman;
Har bahorga chiqqanda yakkash,
Baxtim bormi, deya so’rayman.

Yuzlarimni silab, siypalab,
Baxting bor, deb esadi yellar.
Etgan kabi go’yo bir talab,
Baxting bor, deb qushlar chiyillar…

Hamma narsa meni qarshilar,
Har bir kurtak menga so’ylar roz,
Men yurganda bog’larga to’lar
Faqat baxtni maqtagan ovoz:

«Mana senga olam-olam gul,
Etagingga siqqanicha ol,
Bunda tole har narsadan mo’l,
To o’lguncha shu o’lkada qol.

Umrida hech gul ko’rmay, yig’lab
O’tganlarning haqqi ham senda,
Har bahorni yig’lab qarshilab
Ketganlarning haqqi ham senda…»

Derazamning oldida bir tup
O’rik oppoq bo’lib gulladi…

ENG GULLAGAN YOSHLIK CHOG’IMDA…

Eng gullagan yoshlik chog’imda,
Sen ochilding ko’ngil bog’imda.

Shunda ko’rdi ko’zim bahorni,
Shunda qalbim tanidi yorni.

Qushlar sayrar jonimga payvast,
Men sevgining bo’yi bilan mast.

Kuni bilan dalada qoldim,
Lolazorlar ichra yo’qoldim.

Quchoq-quchoq gullar terganim
Va keltirib senga berganim

Kechagiday hamon esimda,
Har soniya, har on esimda.

Shundan beri tilimda oting,
Shundan beri dilimda oting.

Eng gullagan yoshlik chog’imda,
Sen ochilding ko’ngil bog’imda.

1937 yil

XAYOLIMDA BO’LDING UZUN KUN…

Xayolimda bo’lding uzun kun,
Seni izlab qirg’oqqa bordim.
Och to’lqinlar pishqirgan tunda,
Topib ber, deb oyga yolvordim.

Ishon, bunda seni doimo
Esga solar chiroyli tunlar,
Sho’x yulduzlar, salqin saharlar,
Esga solar baxtiyor kunlar.

Toleimning oshinosi sen,
Sen sevgimning ko’kargan bog’i.
Sening bilan birga iqbolim,
Ishonchimning sen vafo tog’i.

Meni qurshar salqin bir havo,
Suv ustidan tun quyuladi.
Shunda qancha-qancha gaplarni
Esga solib oy ham to’ladi.

Kecha jim-jit, yolg’iz to’lqinlar
Pishqiradi bilmay tinimni.
Hiylagar oy, sehrgar dilbar,
Solib qo’yding yodimga kimni?..

* * *

Sevgi desam, faqat sen desam,
Sening bilan yashasa qalbim;
Sen desam-u, butun dunyoning
Sho’rishiga quloq solsam jim…

Quyun kabi aylanar boshim,
Qarayman-u, ko’zim tinadi
Va jilvangdan ko’ngil ko’zgusi
Parcha-parcha bo’lib sinadi.

Shu qarashga bormi nihoya,
Bo’larmanmi maqsadga vosil?
Toparmanmi bir yangi g’oya,
Bo’larmikan bir murod hosil?

Topilarmi unda bir chora,
Agar meni qurshasa junun:
Bo’lib qolsa sirim oshkora,
Atasalar nomimni Majnun?

HOL

Qaydan kelding, fikrimni bo’lding,
Nega etding meni parishon?
Nega buzding munis holimni,
O’ylarimni nechun bemakon?

Ehtiroslar, hislar, yonishlar
O’lkasini kezardi xayol,
Hokim edi mening ruhimda
Shunday latif ilhomiy bir hol.

Bir kichik tor, bir yoniq parda
Qancha gapni aytib berardi…
Onasidan o’rganganini
Chumchuq chuvlab qaytib berardi…

Tikkan edim qalb qulog’ini
Va fikrimga bergan edi jon,
Chivin uchsa kelardi malol,
Shunga edi sadoqat, imon.

Xalal berma, ozroq qo’nib tur,
Tamom qilay shu gul suratni,
Qo’ygil meni, yurakning qoni
Bilan tortay eng so’nggi xatni.

* * *

Tinimsizdir yolg’iz shaboda,
Maysalarning sochi silkinar,
Mana, hozir chirqirab turgan
Parrandalar, qushlar ham tinar…

Hamma uxlar va faqat tunni
Mening o’zim qarshi olurman.
Qarshi olur va tongga qadar
Mening o’zim uyg’oq qolurman.

Qulog’imga sekin shivirlab
Tun uyquni o’rgatar menga,
Bo’lganmisan tunda sahroda?
Bo’lmasa kel, so’ylayin senga…

OFELIYANING O’LIMI

1
Orzung bor kuylashga, lekin qalbingdan
Tarqalar bir ma’yus va g’amgin sazo.
Qo’yningda bir quchoq oq va nafis gul,
Lekin ruhing to’la motam va azo.

2

Foyda yo’qdir, go’zal, zolim falakdan
Qancha dod qilsang-u qancha shikoyat,
Qancha yolvorsang, qancha to’ksang yosh,
Baribir, alamga bo’lmas nihoyat.

Qancha ma’sum bo’lsang, qancha vafodor,
Qorday oq bo’lsang-u, muz qadar toza,
Hech zamon kor etmas, shum falak badkor.
O’qilur sevgingga qora janoza.

Nega kerak edi shu chiroy, shu o’t,
Shu yoniq yulduzni ko’zga yashirmoq?
Nega lablaringdan husn oldi yoqut,
Nega siynang bo’ldi qor tog’iday oq?

Husn balosiga kim etdi duchor?
Holbuki, busiz ham qanchalar alam,
Holbuki, busiz ham qizning boshida
So’ngsiz musibatlar, dunyo-dunyo g’am.

Holbuki, busiz ham qiynalardi jon,
Busiz ham yetardi falokat, azob,
Faqat go’zal emas, hatto xunuk qiz
Ko’z ochib ko’rardi yolg’iz iztirob.

Orzung bor kuylashga, lekin qalbingdan
Tarqalar bir ma’yus va g’amgin sazo.
Qo’yningda bir quchoq oq va nafis gul,
Lekin ruhing to’la motam va azo.

Shundayin latofat, shu oq ko’krakka
Nahot munosibdir shu g’amgin libos.
Onang shuning uchun suyunganmidi —
Nahotki, shu sifat go’zallikna xos.

Javob berib ko’r-chi, nomard tabiat,
Bunchalik go’zalni nechun yaratding?!
O’zing gunohkorsan, osiysan behad,
Nechun yaratding-u o’tlarga otding?

Hali sevishmoqdan shumidir ma’no?
Faqat azob bordir qismatda, nahot?
Nahotki, sevgiga shudir tamanno?
Nahot go’zal uchun faqat, faqat dod!..

3

Hamlet sevar edi, uning qalbini,
Go’yoki ikki cho’g’, ikkita otash
Bo’lib yondirardi ko’zing tun-kuni,
U ham qilmas edi bu otashga g’ash.

Hamlet yuragiga berardi hayot
Sening u otashin, gulbarg lablaring,
Jasur xayoliga bo’lardi qanot
Bog’idan bir kezib o’tganing sening.

Faqat netmak kerak,bordir na chora,
Sevguvchi yurakni qurshasa balo?
Butun olam ko’zga esa qorong’i,
Balolarga Hamlet esa mubtalo?

Shubha otashida yonar tafakkur,
Dunyo bir g’amxona, Doniyo* — zindon.
Yo’qdir yuraklarni yoritgali nur,
Zanjirdadir sevgi, qafasdadir jon.

Ishqiy tug’yonlarga qaynab, yurakdan
Chiqolmas bir tovush, bir sazo, bir un,
Etmishdir yerdagi oddiy azoblar
Allaqachonlarkim Hamletni majnun.

Hosil bo’lmas murod, hech narsa nasib,
Qancha yig’lasang-u qancha cheksang oh;
Sevguvchi yigitni solmishdir yo’lga
Tunda ertak aytgan bir mudhish arvoh.

Jannat, farishtalar, toza malaklar,
Bir puldir eng ma’sum va eng pok o’pish,
Do’zax ichra Hamlet yonib alaklar,
Butun olam ko’rinadi go’yo tush.

4

Ko’ngil gulshanini qopladi xazon,
Yo’qoldi shunchalik bebaho sevgi.
Shu bo’ldi bokira, dunyo ko’rmagan
U yoqut lablarning qora taqdiri.

Sevgi ko’klarida uchuvchi lochin
Arshidan yiqildi va ko’hna dunyo —
Butun armonlarni qul qilgan otash
O’zi bo’lib qoldi sevgiga gado.

1936 yil.

*Doniyo — Daniya (mamlakat ma’nosida)

JANUB KECHASIDA

Sen bo’lmasang, shu och to’lqinlar
Ko’rinmasdi sira ko’zimga,
Sen bo’lmasang o’zimning ko’nglim
Kirmas edi aytgan so’zimga.

Sen bo’lmasang, etmasdi xursand
Suv ustida suzib yurgan oy.
Hamisha sho’x, doimo baland,
Yulduzdagi jon yoqar chiroy.

Qarashlaring tinchimni olib,
Chertib ketdi qalbim torini,
Shundan keyin sezdim yurakda
Shuncha kuchli o’tning borini.

Aytib ber-chi, shuncha sevganlar
Bo’lganmikin mencha baxtiyor?
Aytib ber-chi, qaysi qiz burun
Sevib bo’lgan umid bilan yor

1936 yil.

HOLBUKI, TUN…

Shag’irlaydi betinim daryo,
Shag’irlaydi vahm to’lgan jar,
Shag’irlaydi qorong’i dunyo,
Shag’irlaydi vodiy, daralar.

Shag’irlaydi… Bermaydi uyqu,
Xayollarim bo’lar parishon,
Bir izlanish boshlanar menda
Tushunchamga yana kirar jon.

Holbuki, tun — bunda odatda,
Butun borliq uxlarday sokin,
Butun yer osmonga o’ranib
Olar kebi kunduzidai tin…

Soyga tushdim, ko’kda chiqdi oy,
Nur yog’ildi oq bulutlarga.
Nurga to’ldi dara, to’ldi soy,
Nur yog’ildi qorong’i jarga.

Kezar edim, meni tinmayin
Ta’qib etar bir uzun soya,
Bilmadimkim, bormidir ishi,
YO istarmi aytmoq hikoya.

Ko’zlarimda yonar uchqunlar,
Zilol suvga oy edi sirdosh,
Yaltirardi, doim tovlanar,
Oy nuriga cho’miluvchi tosh.

Ko’zni tikdim, parquv bulutlar,
Ko’char edi zilol va toza.
Lochin kabi samolyot uchar,
Uchar edi solib ovoza.

Tikilgandi ko’zim qog’ozga,
Qo’llarimda yugurar qalam.
Qurshamishdi uni hayajon,
Bir intilish, bir orzu bu dam.

Shag’irlardi osmon va havo.
Shag’irlardi butun koinot,
Shag’irlardi betinim daryo,
Shag’irlardi daryoda hayot…

Holbuki, tun…

1936 yil.

BO’LSAM

Na bo’lg’ay bir nafas men ham yonog’ing uzra xol bo’lsam,
Labing yaprog’idan tomganki go’yo qatra bol bo’lsam.

Butog’ingga qo’nib bulbul kabi xonish qilib tunlar,
O’pib g’unchangni ochmoqliqqa tong chog’i shamol bo’lsam.

Bo’yingni tarqatib olamni qilsam mastu mustag’riq,
O’zimning san’atimga so’ng o’zim hayratda lol bo’lsam.

Sening birla qolib bu mastu lol olamda men yolg’iz,
O’zimni ham topolmay, mayliga, oxir xayol bo’lsam.

Agar bog’ingda gul bo’lmoq mening-chun noravo bo’lsa —
Ki, ming bor roziman qasringga hattokim duvol bo’lsam.

Boshim hech chiqmasa mayli malomat birla bo’htondin,
Raqiblar rashkiga ko’krak keray, mayli, kamol bo’lsam.

Kezib sahroyu vodiylar yetishsam bir visolingga,
Fido jonimni qildim yo’lingga, mayli, uvol bo’lsam.

1943 yil.

HAR YURAKNING BIR BAHORI BOR

Muhabbat-ul o’zi eski narsa,
Lekin har bir yurak
Oni yong’orta…
Hodi Toqtosh

Har yurakning bir bahori bor,
Har bir qalbga
ishq bo’lar mehmon.
Har yurakda gullar muhabbat,
Bo’ston etar uni begumon.

Lekin Layli boshiga kelgan
Qora kunlar bizga yot bugun;
Bizga yotdir shirin baxtini
Poymol etgan u qop-qora tun.

1936 yil