Qor haqida eng sara she’rlar

Qor va qorparchalar haqida eng sara she’rlar to’plamini sizga ilindik qabul qiling.

Mundarija:

Laylak qor

Qutbi Nosirova she’ri

Qor yog’ar elak-elak,
Yog’ar bo’lib charxpalak.
Qo’ngan zamon kaftimga,
Erib ketar taftimga.
Quvnoq qor,
Oppoq qor.
Qorni yig’ib olaylik,
Bir shaklga solaylik.
Bolalar, keling, qani,
Qorbobo yasa, G’ani.
Qara, burning uchini,
Bilgin sovuq kuchini.
Shalpang quloqlar tikka —
Qarab qolibdi ko’kka.
Qor yog’ar hamon-hamon,
Kulamiz xandon-xandon.
Qizib ketdi o’yin ham,
Shodlikni ko’rar baham.
Quvnoq qor,
Oppoq qor.

Yangi yil sovg‘asi

Orif To‘xtash she’ri
Hamma tomon oppoq qor,
Yer oq ko‘rpa ostida –
Mizg‘ib yotar intiq, zor
Bahoroyning vasliga.
Borliqni xo‘p allalab,
Ko‘kdan o‘ynab qor tushar.
Qiyqirishib bolalar –
Bunda chana tortishar.
O‘ynashadi qorbo‘ron,
Zavqi baland, shashti zo‘r.
Atrof bеg‘ubor biram,
Nashidasi, gashti zo‘r.
Qor tagidan mo‘ralar
Daraxtlarning novdasi.
Har bir bola ko‘nglida
Qorboboning sovg‘asi!

Qor parchalar

Kavsar Turdiyeva she’ri
Qor parchalar, parchalar,
Oq kiyadi archalar.
Qir, adirlar, qo‘ralar
Oq kiyimga o‘ralar.
Uyga kirdi oq odam,
Qarasam, mening dadam.
Dadamning ustin qoqdim,
Dadamga kulib boqdim.
Yoqalarin tuzatdim,
Issiq to‘nni uzatdim.

Qor

Hamidulla Yoqubov she’ri
Qor, qor, qorlar,
Atrof porlar.
Yilt-yilt nurdek,
Oppoq undek.
Shakar undek,
Shakar, desam.
Agar yesam,
Og’rir tishim.
Qor, qor, qorlar,
Atrof porlar.
Yilt-yilt nurdek.

Qor havosi

Nurullo Oston she’ri
Qor havosi ufurar,
Shamollar yer supurar.
Uchar so’nggi xazonlar,
Tussiz bog’-u biyobon,
Bo’m-bo’sh ko’cha, xiyobon.
Osmon xira va rangsiz,
Bosib kelar qish jangsiz.

Qish tasbehlari

Dilshod Rajab she’ri
Qor kiyingan archalar,
Oq qalpoqqa o’xshaydi.
Yaltiroq shox-shabbalar,
Jez taroqqa o’xshaydi.
Muz qotgan ariqchalar,
Zar belbog’ga o’xshaydi.
Sumalaklar — qandillar,
Muz chiroqqa o’xshaydi.
Qor ustida qarg’alar,
Qora dog’ga o’xshaydi.
Yo oq qog’ozga tomgan,
Rang — siyohga o’xshaydi.
Fe’li sovuq izg’irin,
Ko’p chatoqqa o’xshaydi.
Quvib solar hammani,
Urto’qmoqqa o’xshaydi.

Qor

Cho‘lpon she’ri
Har tomonda qor, qor, qor…
El bilan tushar, chiqar.
Bulutlar elab elak,
Separ oppoq kapalak,
To‘da-to‘da ucharlar,
Aylanishib qocharlar,
Yellarga yo‘l ocharlar.
Mana, har tomon oppoq,
Maydon, ko֥‘cha, tom, chorvoq.
Yerlar to‘ngan, ko‘k to‘ngan,
Havo charchab bo‘g‘ilgan.
Ko‘kragiga tushgan qor
O‘ziga joy axtarar,
Jimjit uylarni o‘rar…

Yog’yapti

Yo’ldosh Sulaymon she’ri
Yer to’ysin deb bir yo’la,
Qor baralab yog’yapti.
Go’yo osmon un elar,
Havosi ham yoqyapti.
Yurganimda iz qolsa,
Qor uni tez yopyapti,
Kuchigim ham oqarib,
Atrofimda chopyapti.
Momojonim oynadan
Juda xursand boqyapti.
Xayolimga yoz kelib,
Suv sharqilab oqyapti!

Qor o’yini

Xurshid Davron
Oqshomda boshlanar
Qorning o’yini.
Havo ham top-toza,
Yurakda viqor.
Qop-qorayib yotgan bog’lar qo’ynini
Oppoq sukunatga
Ko’mib tashlar qor.
Qor tinar va sovuq pichoqlarini
Oyga tutar, atrof ketar yarqirab.
Yig’ishtirib olar oyoqlarini
Yalang’och,
Xo’mraygan bujur daraxtlar.
Kimdir shoshib borar
Pastqam ko’chada,
Kimdir eringancha mudrab bosh qashir.
Kimdir derazadan termilar o’ychan,
Kimdir
Qor ustiga
Yoza boshlar she’r.

Bemahal qor yoqqan kuni

Abdulla Oripov she’ri
Bul chog’i, bo’stonga ishtiyoq baland,
Nechundir bemahal yog’a ketdi qor.
Diktorning bir og’iz e’loni bilan
Chindan ham qaygadir berkindi bahor.
Bu fursat chamansiz ko’ngillar yarim,
Bulbulni quvlamang dostonimizdan.
Sizdan nima ketdi, diktor do’stlarim,
Qorni kurab qo’ying bo’stonimizdan.

Qor alyori

Dilshod Rajab she’ri
Osmon qorni eladi,
Yerni oqqa beladi
Xuddi yumshoq parto‘shak,
Dumalaging keladi.
Qor yog‘ar-ey, qor yog‘ar,
To‘lib dala-qir yog‘ar
Boshimizdan sochqiday
Oq marvarid, dur yog‘ar.
Xo‘p yaxmalak otamiz,
Goho qorga botamiz,
Qizib jo‘shar jon tanda,
Kim deydi sovqotamiz?
Qish yaxshi-yo, qish yaxshi,
Oppoq qor— kumush yaxshi.
Bir-birovga qor otib,
Qiyqirib quvish yaxshi.
Qorto‘plarni otamiz,
Rosa kulib qotamiz.
Pisand qilmay ayozni,
Qish zavqini totamiz.
Qor yog‘ar-ey, zo‘r yog‘ar,
Xo‘p quvnatib dillarni,
Zavqimizga jo‘r yog֯‘ar.

QOR HAQIDA

Qish kechasi, guvillar shamol,
Dalada qor, qush inida qor.
Ingrar og`riq kabi qari tol
Oynalarni bezar qish- gulkor!
Jeyron : Qishning momiq choponi,
Boshida-chi oq qalpoq
Bizni zavqqa to`ldirar
Ko`chalar rosa oppoq

OPPOQ QOR

Oppoq tiniq- oppoq qor
O`ynab tushar osmondan
Qor qo`ynida o`ynoqlab
Yurar yoshlar shod-xandon Sizni ushbu maqolalar ham qiziqtirishi mumkin .

Прокрутить вверх