Zulfiyaxonim Isroilova sherlari to’plami

Tavsiya etamiz

8-mart xalqaro xotin-qizlar kuni bayrami senariylar to’plami yuklab oling:

8-mart bayrami uchun sara sherlar tabriklar to‘plami

Bahor fasli haqida eng sara sherlar guldastasi yuklab oling

Ayollar opa-singillarimiz haqida sara sherlar tabriklar to‘plami

TV dasturlar:

Tush tabiri:

O’zbek xalqining sevimli shoirasi, taniqli jamoat arbobi Zulfiya Isroilova 1915 yil 1-martda Toshkentda hunarmand oilasida tug‘ilgan.

Hozirgi kunga kelib Zulfiyaning vatan tinchligi va zamoatchilik oldidagi xizmatlarini inobatga olib “Zulfiya” nomidagi Davlat mukofoti tashkil qilindi.

Shoiramizning sara sherlar to’plamini qabul qiling.

O‘rik gullaganda

«Derazamning oldida bir tup
O‘rik oppoq bo‘lib gulladi…»
Gulni ko‘rib ishqparast qalbim,
Ming aytilgan darddan kuyladi.

Seni qo‘msab oqshom chog‘ida
Hijron qo‘shar ekan harorat.
O‘lgudayin mushtoq bo‘libman —
Visolingga, yo‘q chog‘i toqat.

Seni qo‘msab oqshom chog‘ida
Kirib keldim shu tanish uyga.
Biz bir choqlar yashagan uyda
Tunab qoldim xayol-la birga.

Buncha issiq, buncha ham shinam
Yoshlik kechgan torgina shu joy.
Bunda yashar ajib onlardan,
Ishq-la o‘tgan tunlardan chiroy.

Har burchagi elitar hushim,
Naqadarlik oshno, yaqin.
Xuddi tunda kamolga yetgan
Qo‘shig‘ingda chaqnagan chaqin.

Bunda hayot — ilhom onlari
Qalamingdan to‘kilgan gavhar.
Gul bo‘yini olganda shamol
Rashkka to‘lib to‘ngan u ko‘zlar.

Sen tugatgach chanqoqlik bilan
O‘qib maftun bo‘lganim hayot.
«Qalay degan» bo‘lib termulgan
Ko‘zlaringning otashi hayot.

Hali hayot, takror o‘qirkan
Zavqqa to‘lib yayragan ko‘ksim.
Yuzingdagi ulug‘vor, mayin,
Bir jahonga arzir tabassum.

Bari hayot, muhabbat kabi,
Hamma yerda ko‘rinar izing.
Parrandalar nag‘ma kuyida
Jaranglaydi tovushing, so‘zing.

Meni o‘rab oldi hayajon,
Yana ortdi sevgining kuchi.
Sharq qizarib, chiqmoqda quyosh,
Oltinlandi terakning uchi.

Sen kuylagan o‘rik shu kecha
Burkandi oq — oppoq chechakka.
Men qadrdon xotira bilan
Jo‘nab ketdim uyimga yakka.

1947 y

Bugun tunda kelarmish, Bahor

Derazangdan mo’ralab asta,
Gul yuzingdan bo’lib shikasta,
Uzun qishga siltab qo’lini,
Ham qalbingdan boshlab yo’lini,
To’qqiz oyki, elarmish bahor,
Bugun tunda kelarmish bahor…

Qoru muzni suvga g’arq qilib,
Izg’irinni butkul tark qilib,
Eshitgandek mening nolamni,
Guldastaga o’rab olamni –
Tushda boshing silarmish bahor,
Bugun tunda kelarmish bahor…

Gõzallikni eltib jahonga,
Sano aytib har õtgan onga,
Jamolingga bõlib mahliyo,
Istarangdan olgancha ziyo,
Bizga iqbol tilarmish Bahor,
Bugun tunda kelarmish Bahor..

Unutilar hazonrez kuzak,
Tabassuming yuzingga bezak.
Mehrlaring menga oğdirib,
Yomğirlarni yerga yoğdirib,
Suvlarini elarmish Bahor,
Bugun tunda kelarmish Bahor..

Hissiyotga tõldirib dilni,
Kengaytirib kichik kõngilni,
Duolarga ijobat etib,
Tabiatni chamanzor etib,
Baxtimizdek kularmish Bahor,
Bugun tunda kelarmish Bahor..

Bu oqshom

Bu oqshom porillar dil nuringizda,
Diydor baxti nasib yana Siz bilan.
Turibman, azizlar, huzuringizda
Hamon o‘tlig‘ ko‘ngil, yorug‘ yuz bilan.

Hamon mulkimdagi siymu zarim – she’r.
Sochimda, chehramda yillardan nishon,
Sajdagohim tanho Vatan, Ona Yer,
Orzularim karvon, sarbonim – ishonch.

Hamon ota-onam, ikki jahonim
Aziz yodi aro shikasta, butman
Ishqim – alangadir, qordir hijronim
Sakson yil lovullab so‘nmagan o‘tman.

Ikkita ko‘zimga ikki qorag‘ich –
Munisim Hulkarim, alpim omonim
Shirin nabiralar hayotdan tortig‘
Har biri joniga payvanddir jonim.

Nomlari , yodlari payg‘ambar monand
Hazrat ustozlarim – teran ildizlar,
Men undan jon olib ko‘kargan daraxt,
Mevasi – qalbimdan otilgan so‘zlar.

Hikmatlar bag‘rida dur, marvaridim
Ajdodlarim menga iftixor, g‘urur
Shu mavjlardan tomgan nuqra umidim
Shoira qizlarim baxsh etgan surur.

Bu nazm bog‘iga kirolmas xazon,
Bizni mahf etolmas zavol lashkari,
Men ketsam mung‘aymas umrim hech qachon,
Bu bog‘lar – bir bog‘lar bo‘ladi hali…

Hamon e’tiqodim – haqiqat, haqdir,
So‘zlayman, yuzimni tutib Ka’baga,
Emira olmaydi o‘tkinchi taqdir,
Osuda o‘tadi ruhim abadga.

E’zozlar, ardog‘lar uchun tashakkur
Asli Siz oftobim, men ziyosiman.
Tonglaringiz kulsin dorilomon, hur,
Baxtim shul – o‘zbekning Zulfiyasiman.

Tavsiya etamiz: Zulfiya tong kuychisi adabiy-badiiy kecha ssenariysi

Xayr endi

Xayr endi, vidoga chog‘ yetdi muddat,
Nazdimda qolmadi oldinda yo‘llar.
Qolgani yashindek shoshqin, tez sur’at,
Muallaq qotadi uzatiq qo‘llar…

Orzular bo‘lmasin oftobday yorqin,
Gulbargdan chiralgan kabi uzilur.
Yashash qancha shirin bo‘lmasin, lekin
Yumulish istamay ko‘zlar suzilur.

Na sevgi, na nafrat, na quvonch, azob…
Ne dod, keksa ajal abad ogoxda.
Yukli tevasimon tongla chorrohda
Gangib qolsam, egam,sadqa et najot…

Xayr endi, tabiat, to‘rt dunyo husn,
Qulluq, uzoq yillar yashadik inoq.
Qishingda oq ko‘rking sehrlab hissim,
Saratoning tuyg‘um yoqdi qaynoqroq…

Sening o‘zing tanho mumtoz bir kitob,
Raso va noraso darsing o‘qidim.
Bu tun borlig‘im-la quchdimu bob-bob,
Og‘rikdan tavallud she’rlar to‘qidim…

Bandaman, ey tangrim, kashfi tabiat,
Axir bir kun so‘nar ko‘zlarimda nur.
Kalimaga zaif qolganda qudrat,
Senga so‘nggi sajdam — umrim to‘kilur.

Eng gullagan yoshlik chog‘imda

Eng gullagan yoshlik chog‘imda,
Sen ochilding ko‘ngil bog‘imda.
Shunda ko‘rdi ko‘zim bahorni,
Shunda qalbim tanidi yorni.
Qushlar sayrar jonimga payvast,
Men sevgining bo‘yi bilan mast,
Kuni bilan dalada qoldim,
Lolazorlar ichra yo‘qoldim.
Quchoq-quchoq gullar terganim
Va keltirib senga berganim
Kechagiday hamon esimda,
Har soniya, har on esimda.
Shundan beri tilimda oting,
Shundan beri dilimda oting…
Eng gullagan yoshlik chog‘imda
Sen ochilding ko‘ngil bog‘imda.

Hamid Olimjon turmush o’rtog’i Zulfiyaxonimgaatab yozilgan 1937 y

Muhabbat tongi kulganda

Oqshom edi, oydin ko‘prikda
Barno qizu yigit turardi,
Oyni kutgan oqshomgi ko‘kda
Beshik-beshik bulut yurardi.

Bulutlarning yorib quchog‘in,
Oy ko‘rsatdi olmos yuzini.
Mag‘rur tashlab yerga nigohin,
Tinglab qoldi yigit so‘zini.

«Xohi inon, xohi inonma,
Sening sevging qilmoqda shaydo.
Bunday yonish begona jonda
Bir o‘chmas o‘t bo‘libdi paydo!»

Oy suzadi, yel sari mayin,
Ikki qalbni yoqar bir otash.
Yoniq dilning baxtiyor nayin,
Yutmoq bo‘lur sukut jafokash.

Yigit sevgi tongini kutar,
Qiz ko‘ziday quyuladi tun.
Lekin uzun kipriklar o‘ta —
Yarqiraydi baxtga to‘la kun.

«U bir o‘tki, seni ko‘rmasam
Iztirobga solar jismimni,
Lol qolaman — axtarib topsam,
Unutaman hatto ismimni.

Xoh inongin, inonma xohi,
Xayolimda kezasan yolg‘iz.
Meni sevgin!»
Yigit nigohi
Sevgi tilar — sukut qilar qiz.

Oppoq pag‘a bulut ustida
Hayron suzar keksa oysuluv.
Yulduzlarni quchib ko‘ksida,
Anhor to‘lib jo‘shib oqar suv.

Shu choqqacha ishqin qiz faqat,
Dildan so‘rab aytgandi dilga.
Ilk, musaffo, katta muhabbat
Qiz dilidan kelmasdi tilga.

Hozir yurak bir nigoh bo‘lib,
Boqqan edi yigit ko‘ziga.
Oqshom og‘ushiga nur to‘lib,
Tong kulganday bo‘ldi yuziga.

Yelda qo‘shiq, ko‘prikda shu’la,
Baxt-la tepdi ikki yosh yurak…
Oy so‘zladi yulduzni to‘plab,
Sevgi tongi haqida ertak.

1936

Ko’rganmiding ko’zlarimda yosh

Sog’inganda izlab bir nishon,
Qabring tomon olar edim yo’l.
Keltirarding menga bir zamon,
Endi har chog’ men eltaman gul.

Keldim. Uzoq qoldim men sokin,
Sening aziz boshingda yolg’iz,
Osmon tiniq edi va lokin,
Parcha bulut yetib keldi tez.

Ko’kda mening boshimda turib,
Go’yo yuragimda qalqdi u.
Kozimdagi yoshimni korib
U ham to’kdi yoshini duv-duv.

Biz yig’ladik tepangda shu kun,
Keldingmi deb ko’tarmading bosh.
Ayt-chi, senla baxtiyor onlar
Ko’rganmiding ko’zlarimda yosh?

Men tug’ilgan kun

Bugun mening tug‘ilgan kunim,
Meni tuqqan onam, Siz qayda?
Bedor o‘tib bormoqda tunim,
Bir og‘riq bir qon, jonda, payda.

Tug‘ilganman qaysi soatda,
Qancha muddat siz yegansiz dard?
Qiz tug‘ilish dardi odatda
Bo‘lgan ekan Sizda beshafqat.

Bugun mening tug‘ilgan kunim,
To‘lg‘oqdagi holingiz ko‘zda:
Kursi quchib kurashasiz jim,
Qotma jussa goh o‘t, goh muzda.

Qora terda tanho boshingiz,
Labingiz — dasht jo‘yagiday qoq.
Og‘zingizga tiqib sochingiz,
Tanangizga solarlar to‘lg‘oq.

Besh bolangiz darcha ortida
Joningizni ko‘rib o‘tirgan,
Mening otam qo‘shni otida
Kim qaylardan doya qidirgan?

Bor suyakni chok-chokdan so‘kib
Ichingizga sig‘may ketgan men,
Tanangizning tubida cho‘kib,
Chehrangizga entikkan-da men;

Goh dard tutib, gohi u qochib
Ko‘zingizdan sachratgan olov.
Faqat azob eshigin ochib,
Chekinishga qo‘ygan bo‘lsam g‘ov;

Tomiringiz bo‘ylab ezganim,
To‘qqiz oyu to‘qqiz kun uyg‘oq.
Besh o‘g‘ilning izidanligim,
Sizlar intiq qizcha tug‘ilmoq;

Yuzingizni ko‘rishga shoshgan,
Ko‘zingizga kirmoq bo‘lganim!
Ko‘ksingizga tashna lab chopgan,
So‘zingizga mushtoq bo‘lganim;

Balki tandan qonu yoshlikni
So‘rmoqliqdan hijolatligim?
Yuragangiz bir quyoshlikni
Sezib, jonim rohatdaligim;

Go‘zal qalbning tagida yotib,
Ezgu hissingizda jo‘shganim.
Noyob idrok sehriga botib,
Uxloq she’rga shogard tushganim!

X,a, qoningiz, joningizdagi
Bir jahonni uqib olganim,
Barchasidan uzilish dardi
Yaqinlikdan qo‘rqib qolganim —

Bari uchun, — jahannamiy dard
To‘lg‘og‘iga otdim ne muddat? —
Men bilmayman!
Samoviy bir mard,
Jon tug‘uvchi ilohiy qudrat —

Bo‘lganingiz onlarga ta’zim!
Azob uchun umrimday uzr…
Barin takror etdim men o‘zim,
Ona bo‘lmoq — azobli huzur…

1972

Sen qaydasan yuragim

Qalb bo’lganda yiroqda
Iroda ekan ojiz.
Do’stlar ham ko’p atrofda,
Ammo men yakka-yolg’iz…

Birdan qalbim keksarib,
Qon ham qochdi yuzimdan.
Sen, sirdoshni axtarib,
Xayol ketar izingdan.

Qayga ketding, yuragim,
Bitdi bardosh va toqat.
Suhbatingdir tilagim,
Tilda hasratim qat-qat.

Ko’pdir aytajak so’zim,
O’gitlaringga zormen,
Yig’laysan deb do’stlarim
Ta’na qilar. Netay men?

Sovush bermaydi menga
Yoqib ketganing olov.
Netay, yetmayman senga,
O’rtaga tashlangan g’ov.

Ishqqa maskan yuragim,
Topib ber deb qistaydi.
Nima qilay, berahm-
Ruhim seni istaydi

Sog’inganda

Qancha bo‘ldi ko‘rmaganimga,
Ey qalbimning dilbari shoir!
Qancha bo‘ldi birga o‘ltirib,
So‘zlashmadik dillarga doir.

Dil-chi, dilim unutib bo‘lmas
Ishq qo‘shig‘i yozilgan kitob.
Xayol xiyol chertib o‘tdimi —
Topib ber deb qiladi xitob.

Ikkimizga ma’lum bir qudrat
Yillar o‘ta senga tortadi.
Unutayin deymanu, faqat
Dilda uning o‘ti ortadi.

Ham tabiat, ham do‘st, ham raqib,
Barchasini qoldirib dog‘da,
Ko‘rishsak-u, yana tirilsa
O‘sha o‘lgan bo‘sa dudog‘da.

Yuragimning shohi deb seni,
Mayli, bu gal o‘zim tiz cho‘ksam.
Huzuringda baxtdan tebranib,
Ishq va sog‘inch yoshini to‘ksam.

1950

Sensiz

Mana, bir umrni yashadim sensiz,
Qaytmas shodliklarning qaytishin kutib,
Tobuting boshida cho’kkanimda tiz,
Farzandlar ko’tardi qo’limdan tutib.

Shundan beri tikman. Har nega qalqon,
Baxtga, bahorga ham, qishga, qayg’uga.
Birov azasida yig’layman qon-qon,
To’yida yayrayman o’xshab ohuga.

Lekin qolganimda qalbim-la tanho,
Tuyg’ular zoriga solganda quloq.
O’zni zaif, chanqoq sezganda goho,
Alamdan beraman javobsiz so’roq:

Tirik ekan nega tashlab ketmading?
Mendan nafisroqning husniga oshiq,
Mendan yoniqrog’i tortmadi sani,
Edi nigohingga bor jannat ochiq,

Seni majnun etib bir yer go’zali,
Nega meni tashlab ketavermading?
Tirik ayrilishning dog’I og’irmish,
Xo’rlik kemirarmish umrni chaynab!

Bu-mudhish egovga berardim turish,
Ketsang ham menga jon tuyg’ungdan aynab.
Bilardim, qaydadir olasan nafas,
Murakkab bu dunyo sen-chun ham tirik.

Senga yot-noshudlik, tund ruhlik, qafas,
Bugungi qadaming kechadan yirik.
Nega, nega meni tashlab ketmading?
Bilaman, rashk meni etardi halok,

Afzal ko’rganingni qarg’ab o’tardim,
Izingdan yurmasdim soyaday g’amnok,
Hayotda men uchun qolarding tirik,
Qalaming mujdasin kutardim mushtoq.

Ma’yus taqdiringga yashab men sherik,
Mushkul bo’layotir shodlik yaratmoq.
Nega tirik ekan tashlab ketmading,
Tashlab ketmading-da, boshlab ketmading?!

Bahor keldi seni so’roqlab

Salqin saharlarda, bodom gulida,
Binafsha labida, yerlarda bahor.
Qushlarning parvozi, yellarning nozi,
Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor…

Qancha sevar eding, bag’rim, bahorni,
O’rik gullarining eding maftuni.
Har uyg’ongan kurtak hayot bergan kabi
Ko’zlaringga surtib o’parding uni.

Mana qimmatligim, yana bahor kelib,
Seni izlab yurdi, kezdi sarsari.
Qishning yoqasidan tutib so’radi seni,
Ul ham yosh to’kdi-yu, chekindi nari.

Seni izlar ekan, bo’lib shabboda,
Sen yurgan bog’larni qidirib chiqdi.
Yozib ko’rsatay deb husn-ko’rkini,
Yashil yaproqlarni qidirib chiqdi.

Topmay, sabri tugab bo’ron bo’ldi-yu,
Jarliklarga olib ketdi boshini.
Farhod tog’laridan daraging izlab,
Soylarga qulatdi tog’ning toshini.

Qirlarga ilk chiqqan qo’ychivonlardan
Qayda shoir, deya ayladi so’roq.
Barida sukunat, mayuslik ko’rib,
Horib-charchab keldi, toqatlari toq…

So’ngra jilo bo’lib kirdi yotog’imga,
Hulkar va Omonning o’pdi yuzidan.
Singib yosh kuydirgan zafar yonog’imga
Sekin xabar berdi menga o’zidan.

Lekin yotog’imda seni topolmay,
Bir nuqtada qoldi uzoq tikilib.
Yana el bo’ldi-yu, kezib sarsari,
Mendan so’ray ketdi qalbimni tilib:

«Qani men kelganda kulib qarshilab,
Qo’shig’i mavjlanib bir daryo oqqan?
«Baxtim bormi deya, yakkash so’roqlab»
Meni she’rga o’rab suqlanib boqqan?

O’rik gullariga to’nmaydi nega,
Elda hilpiratib jingala sochin?
Nega men keltirgan sho’x nashidaga
Peshvoz chiqmaydi u yozib qulochin?

Qanday ishqqa to’lib boqardi tongga,
Kamol toptirardi keng xayolimni.
Uning rangdor, jozib qo’shig’ida
Mudom ko’rar edim o’z jamolimni.

Qani o’sha kuychi, xayolchan yigit?
Nechun ko’zingda yosh, turib qolding lol.
Nechun qora libos, sochlaringda oq,
Nechun bu ko’klamda sen parishonhol?»

Qanday javob aytay, loldir tillarim.
Baridan tutdim-u, keldim qoshingga.
U ham g’aming bilan kezdi aftoda,
Boqib turolmayin qabring toshiga.

Alamda tutoqib daraxtga ko’chdi,
Kurtakni uyg’otib so’yladi g’amnok.
Sening yoding bilan elib beqaror,
Gullar g’unchasini etdi chok-chok.

Gulu rayhonlarning taraldi atri,
Samoni qopladi mayin bir qo’shiq.
Bu qo’shiq naqadar oshno, yaqin,
Naqadar hayotbaxsh, otashga to’liq.

Bahorga burkangan sen sevgan elda,
Ovozing yangradi jo’shqin, zabardast.
O’lmagan ekansan, jonim, sen hayot,
Men ham hali sensiz olmadim nafas.

Hijroning qalbimda, sozing qo’limda,
Hayotni kuylayman, chekinar alam,
Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,
Men hayot ekanman, hayotsan sen ham!

1945

Tavsiya etamiz: Zulfiya hayoti va ijodi. Tarjimai hol. She’rlari ijod yo’li